Jizzax politexnika instituti Transport muhandisligi fakultetining Yo‘l harakatini tashkil etish yo‘nalishi 1-bosqich talabalari Jizzax viloyati IIB Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida talabalar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakatini tashkil etish hamda sohada olib borilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuvda Jizzax viloyati IIB Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshlig‘i Saydaxmatov Alimaxammat Tajiraxmatovich ishtirok etib, o‘zining ko‘p yillik xizmat faoliyati va kasbiy tajribasi haqida talabalarga so‘zlab berdi. Shuningdek, yosh mutaxassislarga kasbga sadoqat, mas’uliyat, intizom, doimiy izlanish va amaliy tajribaning ahamiyati haqida qimmatli tavsiyalar berildi.
Samimiy muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv davomida talabalar soha faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Nazariya amaliyot bilan uyg‘unlashganda haqiqiy kasbiy mahorat shakllanadi.
Mazkur tashrif talabalarning tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, soha mutaxassislarining tajribasini o‘rganish va kelajakdagi kasbiy faoliyatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishida muhim ahamiyat kasb etadi.