Img
25-Sentabr, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti talabalari Xitoyda o‘qishni boshladi!

Jizzax politexnika instituti va Xitoyning Sujou texnologiyalar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi talabalari uchun yangi bosqich boshlandi.

Xitoyning Sujou texnologiyalar universitetida xalqaro talabalarni qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov boshchiligidagi delegatsiya, Sujou texnologiyalar universiteti rahbariyati va talabalar ishtirok etdi.

Marosimda Sujou texnologiyalar universiteti rektori Jiang Jianming Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi va talabalarni samimiy qutlab, 2+2 dasturi ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqayotganini ta’kidladi.

U talabalarni yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, zamonaviy kasbiy bilimlar bilan bir qatorda, xalqaro tajriba va keng dunyoqarashga ega mutaxassislar bo‘lib yetishishga chaqirdi.

Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov esa ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi hamda 2+2 dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Rektor ta’kidlaganidek, mazkur dastur yoshlar uchun nafaqat sifatli ta’lim olish, balki Xitoy madaniyati, ta’lim tizimi va ishlab chiqarish tajribasini yaqindan o‘rganish uchun ham muhim imkoniyatdir.

Tadbir davomida talabalarga universitet nishonlari topshirildi. Shuningdek, ularga Xitoy qonunchiligi, ta’lim va yashash tartibi, kundalik xulq-atvor me’yorlari hamda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi.

Eng quvonarlisi, bu talabalar — Jizzax politexnika instituti va Sujou texnologiyalar universitetining 2+2 qo‘shma ta’lim dasturidagi ilk ishtirokchilaridir.

Ularning Xitoyda tahsilni boshlashi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijasidir.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3