Jizzax politexnika instituti Kibersport fakulteti “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi dotsenti F. Aziztayeva 2026-yil 15–18-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida joylashgan Ufa fan va texnologiyalar universitetida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif doirasida universitetning Iqtisodiyot, menejment va biznes instituti tomonidan 2026-yil 16–18-sentyabr kunlari MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorligi bo‘yicha davlatlararo jamg‘arma ko‘magida tashkil etilgan “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt: MDHga a’zo davlatlarda fan va ta’limning zamonaviy tendensiyalari” xalqaro forumida faol ishtirok etildi.
🤝 Xalqaro forum doirasida fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida foydalanish imkoniyatlari hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr va tajriba almashildi.
🏛 Tashrif davomida Ufa fan va texnologiyalar universitetining ta’lim jarayonini tashkil etish tajribasi, o‘quv mashg‘ulotlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishildi.
📚 Shuningdek, xalqaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq, universitetning “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro grant loyihalarida birgalikda ishtirok etish hamda Scopus bazasida indekslanuvchi ilmiy jurnallarda maqolalar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
🎓 Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida universitetning “Iqtisodiyot va menejment” ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun dolzarb mavzularda master-klass mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur xalqaro tashrif Jizzax politexnika institutining xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-ta’limiy hamkorligini mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.