Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida qo‘shma ta’lim dasturi, ilmiy almashinuv, sun’iy intellekt va sanoat korxonalari bilan hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.
Qo‘shma ta’lim dasturining ilk talabalari Xitoyda o‘qishni boshladi.
Institut va Sujou texnologiyalar universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan “2+2” qo‘shma ta’lim dasturining ilk ishtirokchilari Xitoyda tahsilni davom ettirmoqda. Talabalarni qabul qilish marosimida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati ishtirok etdi.
Mazkur dastur talabalarga kasbiy bilimlarini mustahkamlash, xalqaro tajriba orttirish hamda Xitoyning ta’lim tizimi va ishlab chiqarish amaliyotini o‘rganish imkonini beradi.
Sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Xitoylik hamkorlar va investorlar bilan uchrashuvda institutda tashkil etilayotgan sun’iy intellekt laboratoriyasini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston–Xitoy sun’iy intellekt innovatsiya markazi” loyihasi taqdim etilib, ta’lim, ilm-fan va sanoat uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalish institutning “Raqamli universitet” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan.
Ilmiy almashinuv va qo‘shma laboratoriya tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Hefei texnologiyalar universiteti rahbariyati bilan uchrashuvda talabalar, magistrantlar va doktorantlar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, darsliklar yaratish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor elektromobillar va avtonom boshqariladigan transport vositalari bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish masalasiga qaratildi. Tomonlar hamkorlik memorandumini 2026-yil 6–8-noyabr kunlari Hefei texnologiyalar universitetida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida imzolashga kelishib oldi.
Muhandislik ta’limi uchun sanoat tajribasi o‘rganildi.
Delegatsiya JAC Motors kompaniyasiga tashrif buyurib, zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Uchrashuvda muhandislik maktabi uchun ilg‘or laboratoriyalar tashkil etish, amaliy ta’limni rivojlantirish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda istiqboldagi qo‘shma hamkorlik va investitsiya loyihalari yuzasidan fikr almashildi.