Img
7-Oktabr, 2026-yil

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Jizzax politexnika institutida yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Xudayshukurov, Jizzax viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Raxmonbediyev, Milliy gvardiyaning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Sardorbek Tursanaliyev, Jizzax viloyati adliya boshqarmasi vakili, polkovnik Sherzod Hayitov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi raisi Abdurahmon Rabbimov, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim va kasb-hunar egallash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, huquqiy savodxonlikni oshirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, yoshlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

Tadbir doirasida Jizzax viloyati Milliy gvardiya boshqarmasining 89 nafar muddatli harbiy xizmatchisiga 4 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganligini tasdiqlovchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur tashabbus muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning zamonaviy va amaliy kasblarni egallashi, xizmatdan keyingi hayotida munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi, o‘zini o‘zi band qilishi hamda kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Tadbir yakunida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3