2026-yil 8-oktabr kuni Jizzax politexnika institutida institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov raisligida joriy o‘quv yilidagi ikkinchi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ilmiy kengash a’zolari, mas’ul rahbarlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida institut jamoasining ilmiy-pedagogik va kasbiy faoliyatdagi yutuqlari alohida e’tirof etildi. Xususan, ilm-fan va ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga ilmiy unvon attestatlari hamda falsafa doktori (PhD) diplomlari tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng Ilmiy kengash kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o‘tildi.
Dastlab, institutda shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, erishilgan natijalar, mavjud yutuqlar va faoliyat davomida aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi. Kelgusida mavjud muammolarni bartaraf etish, ish samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, ta’lim sifatini ta’minlash va o‘quv-uslubiy faoliyatni takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy kengash kun tartibiga muvofiq quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
🔹O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining hay’at qarorlari va buyruqlari, institut Kengashi qarorlari hamda rektor buyruqlari ijrosi;
🔹Institut fakultetlarida 2025/2026-o‘quv yilining bahorgi semestri bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari tahlili, talabalar so‘rovnomalari natijalari hamda ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga muvofiqligi;
🔹Institut fakultetlari va kafedralarining 2026/2027-o‘quv yili kuzgi semestri uchun o‘quv-me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlanganlik holati, HEMIS axborot tizimiga o‘quv materiallarining yuklanish darajasi hamda ushbu yo‘nalishdagi kelgusi vazifalar;
🔹Institutda tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar.
Muhokamalar yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Institut faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbar hamda xodimlarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur Ilmiy kengash yig‘ilishida belgilangan vazifalar Jizzax politexnika institutida ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini izchil rivojlantirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.