Img
15-Oktabr, 2026-yil

Giyohvandlik va narkojinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tashrif tashkil etildi

Jizzax politexnika instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosi doirasida 2026-yil 15-oktabr kuni Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyasiga profilaktik tashrif tashkil etildi.

Tashrif institutda talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul rektor maslahatchisi N. Abduraxmonov boshchiligida o‘tkazildi. Unda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari, dekan o‘rinbosarlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni giyohvandlik va narkojinoyatchilikning ayanchli oqibatlari haqida ogohlantirish, huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida 3-mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga qarashli 29-sonli manzil-koloniyasining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sh. Bozorboyev talaba-yoshlarga muassasada mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy reabilitatsiya hamda jamiyatga qayta moslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tashrif mahkumlar bilan ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Suhbat davomida mahkumlar o‘z hayot yo‘llari, jinoyat sodir etishlariga sabab bo‘lgan omillar, yo‘l qo‘ygan xatolari va bu xatolarning o‘z hayoti hamda oila a’zolariga ko‘rsatgan salbiy ta’siri haqida so‘zlab berdilar. Ularning hayotiy tajribalari orqali noto‘g‘ri qarorlar, salbiy muhit va zararli odatlar inson taqdiriga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi yoritib berildi.

Ayniqsa, giyohvandlik vositalarining inson salomatligi, ruhiy holati, oilaviy munosabatlari va jamiyatdagi o‘rniga salbiy ta’siri haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Talaba-yoshlar har qanday noqonuniy takliflarga nisbatan qat’iy pozitsiyada bo‘lish, shubhali muhit va salbiy ta’sirlardan yiroq yurish hamda qonunlarga rioya qilishga chaqirildi.

Uchrashuv yakunida rektor maslahatchisi N. Abduraxmonov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, muntazam kitob o‘qish, zamonaviy bilimlarni egallash, chet tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganish hamda o‘z ustida tinimsiz ishlash muhimligini ta’kidladi. Yoshlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ilm olish va kelajak uchun mas’uliyat bilan harakat qilishga undadi.

Mazkur profilaktik tashrif talaba-yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, giyohvandlik va jinoyatchilikning oldini olish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3