Ayni paytda Ozarbayjon Respublikasining Xonkendi shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon rektorlarining II forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda Ozarbayjon Respublikasi fan va ta’lim vaziri Emin Amrullayev hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida ikki davlatning 27 nafardan ortiq oliy ta’lim muassasalari rektorlari va vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi ilmiy-innovatsion aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Forumda Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov ham ishtirok etib, o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Rektor o‘z nutqida politexnika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni zamonaviy sanoat ehtiyojlari va mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, ularda amaliy bilim hamda muhandislik ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish hamda sanoat korxonalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Panel sessiyalarda esa quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda:
🔹 oliy ta’lim muassasalari va sanoat korxonalari o‘rtasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
🔹 O‘zbekiston va Ozarbayjon universitetlari o‘rtasida xalqaro aloqalarni kengaytirish;
🔹 talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
🔹 qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish;
🔹 xalqaro grant tanlovlari uchun qo‘shma loyihalar tayyorlash va doktorantlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish.
Shuningdek, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bitimlarini imzolash ham rejalashtirilgan.
Mazkur forum O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, universitetlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.