Jizzax viloyati hokimligining 2026-yil 16-oktabrdagi 05-1167-sonli xati ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 17-oktyabr kuni Jizzax politexnika institutida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati Kengashi raisi Abdurahmon Rabbimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan institutda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati tahlil qilindi.
O‘rganish davomida yoshlar bilan ishlash tizimi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘rganish ishlari ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va talaba-yoshlar kamoloti uchun yaratilgan imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.