Img
20-Oktabr, 2026-yil

O‘zbek tili — milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi

Jizzax politexnika institutida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbek tili — milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda viloyat kutubxonasi sektor mudiri S. Erbutayeva, Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi G. Qodirova, institut Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i X. Hamdamova, institut xodimlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtirom badiiy chiqishlarda o‘z ifodasini topdi. Jumladan, Transport muhandisligi fakulteti talabalari ona tili va Vatan haqidagi she’rlarni ifodali o‘qib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Qurilish muhandisligi va Energetika muhandisligi fakultetlari talabalari tomonidan ijro etilgan lirik qo‘shiqlar, Kibersport fakulteti talabalarining milliy raqsi hamda Energetika muhandisligi fakulteti talabalari tomonidan taniqli adiblar asarlari asosida namoyish etilgan sahna ko‘rinishi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Ishtirokchilarning samimiy chiqishlari ona tilimizning go‘zalligi, betakror jozibasi va ma’naviy qudratini yana bir bor namoyon etdi. Tadbir davomida o‘zbek tilining boy so‘z xazinasi, xalqimiz tarixi va milliy o‘zligimizni aks ettiruvchi bebaho meros ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodga sof holda yetkazish har birimizning sharafli burchimiz ekani qayd etildi.

O‘zbek tili — Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Furqat kabi buyuk ijodkorlar merosida yuksak darajada namoyon bo‘lgan, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan boy va betakror til. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy o‘zligimiz va ma’naviy qadriyatlarimiz tarixidagi muhim voqea bo‘ldi.

Ona tilimiz — millatimiz g‘ururi, tariximiz xotirasi va kelajagimiz poydevori. Uni sevish, qadrlash va ravnaqiga hissa qo‘shish barchamizning vazifamizdir!

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3