Institut rektori tomonidan 2024-yil 28-avgustda tasdiqlangan “2024/2025-o‘quv yili davomida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha yillik kalendar reja”ning 71-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Kibersport hamda Qurilish muhandisligi fakultetlarida tahsil oluvchi talaba-yoshlar ishtirokida 2024-yil 27-sentabr kuni “Internetda ekstremizm g‘oyalari targ‘ibotidan ehtiyot bo‘ling!” mavzusidagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Targ‘ibot tadbirida institut profilaktika inspektori I.Buriyev, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor N.Rasulova, fakultet tyutorlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar quyidagilar haqida aytib o‘tishdi. Maʼrifat — kishilarning ongini, bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya. U tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli bilimlar, maʼlumotlar majmu-asini ham bildiradi. Maʼrifat ilmu urfon maʼnosida ham ishlatiladi. Maʼrifat tushunchasi madaniyat, maʼnaviyat tushunchalari bilan bogʻliq. Maʼrifat maʼnaviy qaramlikni bartaraf qiladi, insonga kuch-qudrat ato etadi. U kishilarni jaholatdan qutqaradi, buzuq ishlardan qaytaradi, yaxshi xulq va odob egasi boʻlishga yordam beradi. Maʼrifatli kishilardan tashkil topgan jamiyat ravnaq topadi, kelajagi porloq boʻladi. Maʼrifat — bilim va madaniyatning qoʻshma mazmuni boʻlib, maorif uni yoyish vositasidir. Maʼrifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, hozirgi kunda yoshlar orasida uchrab turayotgan turli oqimlarga bilmasdan qo‘shilib ketish holatlari, hamda Vatanimiz ravnaqiga putur yetkazmoqchi bo‘lib turgan diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, ularni oldini olish, dinlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlik, tinchlik va totuvlikni targ‘ib qilish asosiy maqsadimizdir. Biz yoshlar ko‘plab kitoblar o‘qishimiz, ilm olishimiz , dunyoqarashimizni kengaytirishimiz muhim hisoblanadi. Zamon bilan hamnafas bo‘lgan holatda dinni mahkam tutishimiz darkor. Bu mas'uliyatni har birimiz his qilishimiz , unga fidokorona harakatda bo‘lmoq lozim. Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.