Respublikamizda ta’lim sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarilari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning kelgusidagi ish o‘rinlarini kafolatlash, kasbga yo‘naltirish hamda bitiruvchilar uchun ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish maqsadida “Bitiruvchi bandligi – 2025” biznes marafoni tashkil etildi.
Joriy 2024-2025 o‘quv yilida Jizzax politexnika institutini 1302 nafar talaba 30 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini, 29 nafar 15 ta magistratura mutaxassisliklarini tugatmoqda. Institut rektori va fakultet dekanlari har bir bitiruvchi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ishga joylashishga ko‘maklashish bo‘yicha “Rektor va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvlari tashkil etildi. Bitiruvchilarni bandligini ta’minlash maqsadida ish beruvchi tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnomalar qilish maqsadida joriy yil 18-iyun kuni “Karyera kuni” mehnat va amaliyot yarmarkasi tashkil etildi. Bunda viloyatimizdagi korxona va tashkilot vakillari o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Yo‘nalishlar kesimida ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyati yaratildi. “Karyera kuni” mehnat va amaliyot yarmarkasi natijalariga ko‘ra, bitiruvchilar 3 tomonlama shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi 61-son qaroriga asosan, bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar hisobidan institut bitiruvchilarining “Kelajakka birinchi qadam” loyihasi bo‘yicha 18 nafari 10,0 mln. so‘mdan jami 180 mln. so‘m, “Kelajak uchun start” loyihasi bo‘yicha 6 nafari jami 350 mln. so‘m imtiyozli kredit olishdi. 2 nafar bitiruvchi “Yorqin kelajak sari” loyihasi bo‘yicha 1,0 mlrd. so‘m imtiyozli kredit olish arafasida.
Institutda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bitiruvchilarni tadbirkorlikka qiziqtirish, bank kreditlarini olish tartibi to‘g‘risida “O‘zmilliybank” AJ, “Aloqabank” ATB mas’ullari bilan 10 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari bilan ishga qabul qilinadigan bitiruvchilarni huquqiy-me’yoriy tartibi bilan tanishtirish maqsadida fakultetlar kesimida uchrashuvlar tashkil etildi.
Bugun tashkil etilgan tadbirga muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va nufuzli korxona hamda tashkilot vakillari ishtirok etdi. Bitiruvchilar soha vakillari va mutasaddilar bilan ishga joylashish bo‘yicha muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.