Jizzax Politexnika Institutida “Clean Energy” bosqichi boshlandi: institut hududida 625 kVt quyosh panellari, mini GES va shamol generatorlari ishga tushirildi.
Jizzax Politexnika Institutida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan “Clean Energy” tashabbusi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Institut hududiga umumiy quvvati 625 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, yaqin kunlarda yana 30 kVt quvvatli yangi tizim ishga tushiriladi.
Mazkur panellarning 80 foizi “Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi”da ishlab chiqilgan. Markaz muhandislari tomonidan yaratilgan yarim shaffof va ikki tomonlama (bifacial) quyosh panellari cho‘l sharoitlariga moslashtirilgan bo‘lib, vertikal o‘rnatilishi changlanishni kamaytiradi va samaradorlikni oshiradi. Ushbu texnologiyalar yarim cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va issiqxona tizimlarida energiya tejamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, institut oldidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘yida 10 kVt quvvatli mini GES va uning yonida 2.5 kVt shamol generatori o‘rnatilgan bo‘lib, ular tungi yoritish tizimini to‘liq ta’minlab turadi.
Mazkur loyihalar Jizzax Politexnika Institutining barqaror energiya, ekologiya va yashil iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi ilmiy-amaliy ishlanmalarini amalda joriy etishdagi muhim qadami bo‘ldi.