Xalqaro Faoliyat

Xalqaro hamkorlik aloqalari Jizzax politexnika instituti xalqaro hamkorlik faoliyatini 2006-yildan boshlab yo'lga qo'ygan. Hozirgi kunda institut 80 dan ortiq xorijiy oliy ta'lim muassasalari va tashkilotlar bilan barqaror va samarali hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan bo'lib, bu hamkorliklar institutning ilmiy, ta'limiy va innovatsion salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Xususan, institut quyidagi davlatlar: Rossiya, Turkiya, Xitoy, Vengriya, Qozog'iston, Malayziya, Polsha, Italiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari, qo'shma dasturlar, ilmiy tadqiqot loyihalari hamda akademik almashinuvlar asosida faoliyat olib bormoqda. Institut xorijiy donor tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan nufuzli xalqaro dasturlarda, jumladan Erasmus+, ITEC, JICA, KOICA, Fulbright kabi grant dasturlarida doimiy ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, Erasmus+ Ta'limda salohiyatni oshirish (CBHE) dasturi doirasida institut shu kungacha 6 ta xalqaro loyihada muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Bundan tashqari, Hindiston hukumatining ITEC dasturi asosida har yili 10 ga yaqin professor-o'qituvchi xorijiy universitetlarda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Fulbright dasturlari orqali ham institut o'z professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilari uchun keng imkoniyatlar yaratib kelmoqda. So'nggi yillarda institutda ilmiy va o'quv laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan yangilash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Bu yangilanishlar institutning xalqaro reytinglardagi o'rnini mustahkamlashga olib keldi. Jumladan: • UI GreenMetric reytingida O'zbekiston OTMlari orasida 1-o'rin; • QS Asia 2024 reytingida Top-900 Osiyo universitetlari qatoriga kiritildi; • HE (Higher Education) reytingida esa institut 58-o'rinni egalladi. Ushbu natijalar institutda fan, ta'lim va innovatsiyalar integratsiyasiga asoslangan barqaror rivojlanish strategiyasi olib borilayotganini isbotlaydi. Akademik mobillik yo'nalishida ham institut faoliyatini yanada faollashtirmoqda. 2024-yil davomida 30 nafarga yaqin talaba xorijiy oliy ta'lim muassasalarida almashinuv dasturlarida ishtirok etib, ta'lim va madaniy tajriba orttirib qaytdi. Bunday dasturlar talabalarning xalqaro ko'nikmalarini rivojlantirib, ularning raqobatbardosh kadrlar bo'lib yetishishiga xizmat qilmoqda.