Dars soatlarini taqsimlash bilan bog‘liq murojaat o‘rganilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax politexnika institutining “Transport vositalari muhandisligi” kafedrasida dars soatlarini taqsimlash jarayonida norasmiy to‘lov talab qilinayotgani haqidagi murojaat tarqaldi.
Mazkur murojaatda keltirilgan holatlar institut rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, unda bayon etilgan vaj va da’volarni xolis hamda atroflicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, institutda o‘quv yuklamalari va dars soatlarini taqsimlash belgilangan tartib va mezonlar, jumladan, professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini baholashga qaratilgan KPI (asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi) tizimi asosida amalga oshiriladi.
Institut rahbariyati ta’lim jarayonida shaffoflik, adolat va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Xodimlardan dars soatlarini ajratish yoki boshqa xizmat masalalarini hal etish evaziga har qanday shaklda norasmiy to‘lov talab qilinishi kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari yakunlangach, aniqlangan holatlarga tegishli huquqiy baho beriladi hamda qonunchilik va belgilangan tartib asosida tegishli choralar ko‘riladi.
Jizzax politexnika instituti jamoasi uchun professor-o‘qituvchilar va xodimlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, mehnat faoliyati uchun teng va adolatli sharoit yaratish ustuvor vazifalardan biridir.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar va xodimlar!
Agar Siz mehnat faoliyatingiz davomida huquq va qonuniy manfaatlaringiz buzilgan holatlarga, jumladan, dars soatlarini taqsimlash yoki boshqa masalalarda noqonuniy yoxud norasmiy talablar bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelsangiz, bu haqda Jizzax politexnika instituti rektorining virtual qabulxonasi — @Rektor_qabulxonasi_bot orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Har bir murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, zarur hollarda tegishli choralar ko‘riladi.