BAKALAVRIAT

Yo'riqnoma

Bakalavriat – oliy ta'lim yo'nalishlaridan biri bo'yicha puxta bilim beradi, o'qish muddati kamida to'rt yil bo'lib, oliy ma'lumot va tayanch mutaxassislik diplomini olish bilan tugaydi.

Magistratura – aniq mutaxassislik bo'yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta'lim bo'lib, undagi tahsil yakuniy kvalifikatsion davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan nihoyasiga yetkaziladi.

Aspirantura – magistrlik negizida 3 yil davom etadi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish hamda tanlangan mutaxassislik bo'yicha «fan nomzodi» ilmiy darajasini olish bilan yakunlanadi.

Doktorantura – fan nomzodi ilmiy darajasi negizida 3 yil davom etadi, «fan doktori» ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish bilan nihoyasiga yetadi.

Oliy ta'lim muassasasiga bevosita rahbarlikni uning rektori amalga oshiradi.

Rektor – lotincha «rektor» so'zidan olingan bo'lib, oliy ta'lim muassasasining rahbari degan ma'noni anglatadi. Rektor O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va u o'zi rahbarlik qilayotgan oliy ta'lim muassasasida «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» (dastur to'g'risida o'qish davomida to'liq ma'lumotlarga ega bo'lasiz) asosida ta'lim sohasidagi yagona davlat siyosatini ro'yobga chiqarishga mas'ul. Shu bilan birga rektor oliy ta'lim muassasasi faoliyatiga taalluqli kelajakka mo'ljallangan ishlarni rejalashtiradi va ularni amalga oshirishni ta'minlaydi, oliy ta'lim muassasasi vakolati doirasida xodimlar va talabalar bajarishlari majburiy bo'lgan buyruqlar chiqaradi, talabalarning o'qish sharoitlarini yaxshilashga va ularni o'z vaqtida stipendiya bilan ta'minlab turishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.