Img
3-Fevral, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti xodimlari Toshkentdagi Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markaziga tashrif buyurdi

Jizzax politexnika instituti Muhandislik maktabi xodimlari Toshkent shahrida KOICA moliyalashtirishi asosida tashkil etilgan “Kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazi”ga tashrif buyurdi. Tashrif davomida markaz faoliyati, o‘quv jarayonlari hamda amaliy yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishildi.

Mazkur markaz 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter texnologiyalari muhandisligi hamda elektron qurilmalar va ularning servisi yo‘nalishlarida qisqa muddatli kasbiy kurslar tashkil etib kelmoqda. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashdan iborat bo‘lib, ta’lim jarayonlari 20 % nazariy va 80 % amaliy mashg‘ulotlar asosida olib boriladi.

KOICA dasturi doirasida tinglovchilar 6 oy davomida markazda tahsil olib, keyingi 2 oyda ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘taydi. Markaz yiliga 360 nafar ishsiz yoshni Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash quvvatiga ega. Kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga o‘qish natijalariga qarab diplom yoki sertifikat topshiriladi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi reestrida turgan yoshlarga 1 270 000 so‘m miqdorida stipendiya ajratilishi belgilangan.

Markaz huzurida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi ham faoliyat yuritib, respublika bo‘yicha monomarkazlar, kasb markazlari, texnikum bitiruvchilari hamda sohaga oid mutaxassislarni baholash, attestatsiyadan o‘tkazish va qayta tayyorlash jarayonlarini amalga oshirib kelmoqda. Ushbu tashrif tajriba almashish hamda kelgusidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3