Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligining qo‘shma qarori asosida amalga oshirilayotgan “Mening mahallam – mening faxrim” loyihasi doirasida Jizzax politexnika institutida talaba-yoshlar, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida mahallaga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va ijtimoiy faollikni oshirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va mahalla institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda tajribali mahalla faollari va nuroniylar tomonidan mahalla hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy jarayonlar, yoshlar tarbiyasida mahalla institutining o‘rni va ahamiyati, shuningdek, jamiyatda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilindi. Xususan, Sharof Rashidov tumani Toqchilik mahallasi faoli, Jizzax viloyati IIB katta serjanti Normurod Karimov, Jizzax shahar Yoshlik mahallasi keksalar maslahatchisi Joniqul Mallayev, Yoshlik mahallasi “Buvijonlar maktabi” rahbari Xosiyat Farmanova, shuningdek, Zargarlik mahallasi faoli va nuroniylar kengashi a’zosi Mamatqul Bekmurodov o‘z hayotiy tajribalari va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirning badiiy qismida institutning iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan Vatanga muhabbat, mahalla qadriyatlari va insoniy fazilatlarni tarannum etuvchi she’rlar, milliy raqs va qo‘shiqlar ijro etildi. Jumladan, turli fakultetlarda tahsil olayotgan talabalar ijrosidagi badiiy chiqishlar tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot uyg‘otdi
Shuningdek, Jizzax politexnika instituti Energetika muhandisligi fakultetining iqtidorli talaba-yoshlaridan iborat “Talaba teatri” jamoasi tomonidan “Mening mahallam – mening faxrim” mavzusida sahnalashtirilgan “Bir farzand fojiyasi” nomli teatr tomoshasi namoyish etildi. Ushbu sahna asari orqali oilaviy tarbiya, ota-ona mas’uliyati va jamiyatda befarqlikning og‘ir oqibatlari ta’sirchan tarzda yoritib berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan loyiha doirasidagi ishlarni yanada faollashtirish, mahalla va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur tadbir yoshlar ongida mahallaga bo‘lgan hurmat va faxr tuyg‘usini kuchaytirish, ularni faol, tashabbuskor va mas’uliyatli fuqarolar etib tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.