Img
9-Fevral, 2026-yil

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Jizzax politexnika instituti jamoasi faol ishtirok etdi

Bugun Jizzax viloyati Zafarobod tumani markazidagi Alisher Navoiy xiyobonida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ilmiy-ijodiy jamoalar, OTMlar vakillari, ustozlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (RMMM) tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Saodat Inatova, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ahmat Bolibekov, Jizzax politexnika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sanobar Eshbekova, shuningdek, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, yoshlar va ijtimoiy sohaning faol xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiyning boy ijodi hamda ma’naviy merosi haqida batafsil ma’lumot berib, uning asarlari inson kamolotida tutgan o‘rni, ma’rifat va madaniyat ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, Navoiy ijodini o‘rganish va yosh avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ilmiy tadqiqotlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiyning g‘oyaviy va badiiy mukammal asarlari, xususan, uning “Xamsa”si, she’riy merosi va insonparvarlik tamoyillari haqida keng muhokamalar olib borishdi. Buyuk mutafakkir ijodining nafaqat o‘zbek, balki butunjahon adabiyotiga qo‘shgan hissasi ta’kidlandi.

Jizzax politexnika instituti jamoasi ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda faol ishtirok etib, talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan Navoiy she’rlaridan badiiy o‘qishlar, ijodiy chiqishlar, tahliliy ma’ruzalar namoyish etildi.

Bunday tadbirlar yoshlarni buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganishga, ularning ma’naviy kamolotga bo‘lgan intilishini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tomonidan Alisher Navoiy ijodini o‘rganish va uning boy merosini yosh avlodga yetkazish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida fikrlar bildirildi.

Tadbir davomida Jizzax politexnika instituti jamoasi tomonidan so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari haykali poyiga gulchambar qo‘yildi.

Tadbir yakunida Jizzax politexnika instituti jamoasi tuman Axborot-kutubxona markaziga tashrif buyurib, kitob fondi va ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng, uchrashuv davomida tuman Ma’naviyat maskani majlislar zalida buyuk mutafakkir merosini chuqur o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Bu kabi tadbirlar buyuk shoir va mutafakkirning yorqin xotirasini ulug‘lash, yosh avlodni ma’naviy boylikka oshno etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3