Img
11-Fevral, 2026-yil

Koreya Respublikasi vakillari Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdi

Jizzax politexnika institutiga Koreya Respublikasidan bir guruh nufuzli xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi. Tashrifda quyidagi mehmonlar ishtirok etdilar: Sejong universiteti professori, Big Data va Finance AI bo‘limi rahbari Otabek Juraev, Korean Educational Organization – AMONT bosh ijrochi direktori (CEO) professor Lee Da Hae hamda Namseoul universiteti professori Iroda Mukhammadieva.

Tashrif dasturi Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mehmonlar muhandislik maktabining o‘quv jarayoni, ilmiy yo‘nalishlari hamda moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirildi.

Shundan so‘ng institut talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida Koreya Respublikasida ta’lim olish, ishlash va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari muhokama qilinib, talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Rasmiy uchrashuvda mehmonlarni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov qabul qildi. Institut faoliyati, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov batafsil taqdimot o‘tkazdi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek qo‘shma ta’lim va akademik dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3