Img
25-Aprel, 2026-yil

Jizzax viloyatida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 16-martdagi 108-son buyrug‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Energetika vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida 2026-yil 18-aprel kuni yoqilg‘i-energetika sohasida energiya samaradorligini oshirish hamda bitiruvchi talabalarni dual ta’lim asosida tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, institutning “Energetika va elektr texnologiyalari” kafedrasining 3–4-bosqich talabalari joriy yilning 20-aprelidan 30-mayiga qadar 6 haftalik dual ta’lim jarayoniga jalb etildi. Ularga professor-o‘qituvchilar hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Jizzax hududiy filiali malakali mutaxassislari biriktirilib, hududlarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.

Ayni kunlarda talabalar professor-o‘qituvchilar rahbarligida tumanlar va korxonalarda tizimli o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Elektr energiyasi iste’molchilari hamda korxonalarning energiya sarfi atroflicha tahlil qilinib, o‘rganishlar natijasida ilmiy-texnik asoslangan yechimlar va zarur tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

O‘rganishlar davomida podstansiyalar, transformatorlar, elektr tarmoqlari hamda ishlab chiqarish korxonalarining texnologik jarayonlari va energiya uskunalarida energiya resurslarini tejash, yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ilmiy-texnik tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, talabalar o‘z nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lib, bu ularning kasbiy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3