Img
21-May, 2026-yil

Don o‘rish kombaynlari operatorlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–122-son qarori ijrosi doirasida Jizzax politexnika institutida don o‘rish kombaynlari operatorlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari hamda tinglovchilar ishtirok etdilar.

Tadbirning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, zamonaviy texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish hamda hosil yig‘im-terimi jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga don o‘rish kombaynlarining texnik imkoniyatlari, ulardan samarali foydalanish, texnika xavfsizligi qoidalari, mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiluvchi ilg‘or agrotexnologiyalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida zamonaviy muhandislik yondashuvlarini joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash va ishlab chiqarish bilan ta’lim integratsiyasini mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari agrar soha uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda hududlarda qishloq xo‘jaligi samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3