Img
26-May, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti akademik litseyi jamoasi ishtirokida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Unda akademik litseyning 2025–2026-o‘quv yili davomida amalga oshirilgan faoliyati sarhisob qilinib, o‘quvchi-yoshlarning erishgan yutuqlari e’tirof etildi.

Tadbirda Jizzax politexnika instituti rektori A. Usmankulov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Ochilov, akademik litsey direktori M. Goziyeva, litsey pedagogik jamoasi, ota-onalar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida institut rektori o‘quvchi-yoshlarni o‘quv yili yakunlari bilan samimiy tabriklab, ularning ta’lim, fan, sport va jamoat ishlaridagi muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, Jizzax politexnika institutida mavjud ta’lim yo‘nalishlari, talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xalqaro hamkorlik dasturlari hamda istiqbolli imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda 2026-yil 20–27-aprel kunlari Namangan shahrida o‘tkazilgan II Abu Ali ibn Sino Xalqaro biologiya olimpiadasi (AIBO)da kumush medalni qo‘lga kiritgan hamda Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan biologiya fanidan ochiq xalqaro olimpiadada bronza medal sovrindori bo‘lgan Karimov Diyorjon Ulug‘bek o‘g‘li va uning ustozlari munosib taqdirlandi.

Shuningdek, akademik litseyning 2025–2026-o‘quv yili davomida a’lo natijalarga erishgan, “Rektor stipendiyasi” va “Akademik litsey iftixori” stipendiyalari sovrindori bo‘lgan, shuningdek, sport musobaqalarida yuqori natijalarni qayd etgan o‘quvchi-yoshlar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mazkur uchrashuv yoshlarni ilm-fan, sport va ijodiy faoliyatda yanada yuqori marralarni zabt etishga ruhlantirish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi yutuqlari uchun munosib rag‘bat yaratishga xizmat qildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3