Jizzax politexnika instituti Avtomobilsozlik muhandislik maktabi vakillari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida joylashgan BEIFANG avtomobil sanoati va akademik tadqiqotlar markaziga tashrif buyurdi.
Mazkur markaz Xitoydagi muhandislar tayyorlash yo‘nalishidagi yetakchi ta’lim va tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi.
BEIFANG kompaniyasi intensiv o‘quv kurslari orqali zamonaviy muhandislarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Asosan avtomobil sanoati uchun yangi avlod texnologiyalarini ishlab chiqadi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Jumladan, to‘liq amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, dual ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash, zamonaviy laboratoriya qurilmalari va stendlarini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish, shuningdek, ularni jahon bozoriga yetkazib berish va innovatsion texnologiyalarni yaratish bilan shug‘ullanadi.
Tashrif davomida BEIFANG kompaniyasi va Jizzax politexnika instituti o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Unga ko‘ra, yangi avlod muhandislarini hamkorlikda tayyorlash, kompaniyaning zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘maklashish, qisqa va uzoq muddatli akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish, zamonaviy o‘quv adabiyotlaridan birgalikda foydalanish hamda laboratoriya va texnologik uskunalarni xarid qilish masalalarida yaqindan hamkorlik qilish belgilab olindi.