Kimyo sohasida ta’lim, tadqiqot, laboratoriya va startaplarni qamrab olgan yaxlit tizim yaratiladi.
Bu haqda 2-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari kecha korxonalardagi yosh laborantlar, dual taʼlim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin bo‘lganini taʼkidladi (https://t.me/Press_Secretary_Uz/7397).
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hali ko‘pligi qayd etildi. Xususan, kimyo sohasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, laboratoriyalar va startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizimni shakllantirish zarurligi belgilab berildi.
Mazkur yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, bugun institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov Kimyo muhandisligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan sohaga oid belgilangan ustuvor vazifalar va topshiriqlar mutaxassislarga yetkazildi.
Xususan, hududdagi sanoat korxonalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni chuqur o‘rganish hamda ularning ilmiy asoslangan yechimlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalari va ilmiy tadqiqot mavzularini korxonalarda mavjud real muammolar hamda ishlab chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Rektor olim va mutaxassislarning fikr-mulohazalarini tinglar ekan, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etishda institut rahbariyati tomonidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.