Jizzax politexnika instituti Transport muhandisligi fakultetining “Transport vositalari muhandisligi” kafedrasi bitiruvchilari tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlari himoyalari bevosita ishlab chiqarish korxonasi — BYD Uzbekistan Factory bazasida o‘tkazilmoqda.
Himoya jarayonlarida korxonaning ishlab chiqarish mutaxassislari, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda institut o‘quv-uslubiy boshqarma xodimlari ishtirok etmoqda.
Mazkur bitiruv malakaviy ishlari korxonada mavjud muammolar va ishlab chiqarish ehtiyojlari asosida tayyorlangan bo‘lib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarishdagi dolzarb masalalarga innovatsion yechimlar taklif etish imkonini bermoqda.
Shuningdek, himoyalar jarayonida bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari va muammolarni tahlil qilish hamda hal etish bo‘yicha salohiyati mutaxassislar tomonidan baholanmoqda.
Oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qilayotgan bunday amaliy himoyalar raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.