Xitoy Xalq Respublikasining Shandong Chuanghui Electronic Technology Co., Ltd kompaniyasi Direktorlar kengashi raisi Gao Guangshun Jizzax politexnika instituti qoshidagi Muhandislik maktabiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmon Muhandislik maktabining ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, elektronika, radar texnologiyalari, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) ishlab chiqarish, muhandis kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur kompaniya zamonaviy elektron qurilmalar, radar signallarini qayta ishlash tizimlari va dronlar ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya o‘z faoliyatida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratib, o‘quv markazlari, muhandislik maktablari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun amaliyot hamda stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur tashrif xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda muhandislik ta’limi sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.