Img
23-Avgust, 2026-yil

Ta’limdan ishlab chiqarishgacha: yoshlar uchun yangi imkoniyatlar

“BYD Uzbekistan Factory” korxonasida Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar rahbarlari ishtirokida bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda avtomobilsozlik sanoati uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalar ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish, ta’lim dasturlarini korxonaning zamonaviy ishlab chiqarish talablari va ehtiyojlariga moslashtirish, shuningdek, dual ta’lim tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot davomida kadrlar tayyorlash, talabalar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda ta’lim muassasalari va korxona o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.

Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash, ularning egallagan kasb va mutaxassisliklari bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mehnat bozorining real ehtiyojlariga mos malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat.

Mazkur hamkorlik ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni yanada mustahkamlash, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3