Img
24-Avgust, 2026-yil

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Jizzax politexnika institutining II-o‘quv binosidagi katta majlislar zalida “Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ahvoli, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Dilmurod Hudayshukurov, viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat IIB boshlig‘i G‘ayrat Qodirov, mahalla raislari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, maktab direktorlari va maktab maslahatchilari, texnikum direktorlari va ularning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, birinchi prorektorlari hamda tyutorlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim muassasalarida xavfsiz va sog‘lom muhitni ta’minlash, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan quyidagi masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilindi:

🔘yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati hamda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish;
🔘voyaga yetmaganlarning nazoratsiz qolishi natijasida sodir etilayotgan jinoyatlar tahlili, kelgusida profilaktik nazoratni kuchaytirish va manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
🔘yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar.

Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish, profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etish, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berilib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlashni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3