Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali mutaxassislari bilan hamkorlikda hududlarda energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, ayni kunlarda Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasiga qarashli “Beshqishloq” fiderida mavjud muammolar institut professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan viloyatdagi qator korxona va tashkilotlarda energiya auditi ishlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlar institutda ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni amaliy faoliyatga tayyorlash hamda energetika sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tizimli ishlarning uzviy davomi hisoblanadi.
Jizzax politexnika institutida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida energetika sohasi bo‘yicha o‘quv rejalari va fan dasturlari tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda, mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda muntazam takomillashtirib borilmoqda.
Shuningdek, dual ta’lim tizimi asosida o‘quv mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 50 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lib, institutning 40 ta kafedrasi filiali ishlab chiqarish korxonalari huzurida faoliyat yuritmoqda.
2025/2026-o‘quv yilida dual ta’lim jarayonlariga jami 1575 nafar talaba jalb etildi. Jumladan, 4-kursning 28 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 841 nafar, 3-kursning 26 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 734 nafar, shuningdek, magistratura bosqichida 265 nafar magistrant ishlab chiqarish korxonalarida tasdiqlangan o‘quv jadvallari asosida tahsil oldi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab mazkur tizim yanada kengaytirilib, institutning barcha ta’lim yo‘nalishlarida 3-kurs talabalarining 50 foizi va 4-kurs talabalarining 100 foizi dual ta’lim asosida tahsil olishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar talabalarning nazariy bilimlarini real ishlab chiqarish muhiti bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda korxonalar uchun amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega tayyor mutaxassislarni yetkazib berish imkonini beradi.
Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi, elektr tarmoqlarini raqamli boshqarish, quyosh va shamol energetikasi kabi istiqbolli yo‘nalishlarda yuqori malakali muhandislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umuman, amalga oshirilayotgan ushbu ishlar oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini amaliyot bilan mustahkamlash hamda energetika sohasi uchun zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.