Bugun Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov Sharof Rashidov tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigini maktab jamoasi va o‘quvchilarga yetkazdi.
Bayramona tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan she’riy chiqishlar va badiiy kompozitsiyalar namoyish etilib, tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Yoshlarning quvonchi va samimiy chiqishlari bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tashrif davomida institut rektori maktabning 1-sinf o‘quvchilari bilan ham samimiy suhbatlashib, ularni bayram bilan muborakbod etdi. Kichik yoshdagi o‘quvchilarga Vatanga muhabbat, yaxshi o‘qish, ustozlarni hurmat qilish va bilim olishning ahamiyati haqida iliq tilaklar bildirildi. Shuningdek, 1-sinf o‘quvchilariga Prezidentning bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Maktab kutubxonasi fondini boyitish maqsadida institut rektori tomonidan badiiy va ilmiy adabiyotlardan iborat kitoblar jamlanmasi ham sovg‘a qilindi.
Tashrif doirasida maktabning 11-sinf bitiruvchi o‘quvchilari bilan ham samimiy muloqot tashkil etildi. Suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, bitiruvchi o‘quvchilarga kasb tanlashda o‘z qiziqish va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda kelajakdagi maqsadlari sari izchil intilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur tashrif turli yoshdagi o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.