Bugun, 4-sentabr kuni, Jizzax politexnika institutining katta majlislar zalida institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov raisligida 2026/2027-o‘quv yilidagi birinchi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda institut rahbariyati, Kengash a’zolari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va mas’ul mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida institut jamoasining ilmiy-pedagogik va kasbiy faoliyatdagi yutuqlari alohida e’tirof etildi. Xususan, bir guruh professor-o‘qituvchilarning zamonaviy ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi ta’kidlanib, professor va dotsent ilmiy unvonlari attestatlari, shuningdek, PhD diplomlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng Kengash yig‘ilishining kun tartibidan o‘rin olgan institut faoliyatining muhim yo‘nalishlariga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, 2025/2026-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda faoliyat davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi. Kelgusida mavjud muammolarni bartaraf etish va ish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda institutda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yangi o‘quv yilini yuqori saviyada boshlash, ta’lim jarayonining sifatli tashkil etilishini ta’minlash, shuningdek, “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirini yuqori saviyada o‘tkazish va yangi qabul qilingan talabalarni munosib kutib olish bo‘yicha zarur vazifalar belgilandi.
Kun tartibidagi muhim masalalardan yana biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari, vazirlik buyruqlari hamda yuqori turuvchi tashkilotlarning topshiriqlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda ijro intizomini yanada mustahkamlash, topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Kengash yig‘ilishida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Institut faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida, sifatli va samarali ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbar va xodimlarga aniq topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
Kengash yig‘ilishida belgilangan vazifalar institutning yangi o‘quv yilidagi faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim va ilmiy jarayonlar samaradorligini oshirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.