Joriy yilning 7-sentabr kuni Jizzax politexnika institutiga Xitoyning Guangzhou Gaoxin Education Group ta’lim tashkiloti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Institut rektori Alisher Usmankulov hamda tashkilot raisi yordamchisi janob Hu Guangchao boshchiligidagi delegatsiya ishtirokidagi uchrashuvda asosiy e’tibor “O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma kasb-hunarga o‘qitish markazi”ni tashkil etish masalasiga qaratildi.
Mazkur tashabbus yoshlarni qisqa muddatli o‘quv dasturlari asosida zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni nazarda tutadi.
Muzokaralarda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayonini korxonalardagi amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ilmiy-tadqiqot va startap loyihalar doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hamkorlik yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, amaliy tajriba orttirishi va mehnat bozoriga tayyor mutaxassis sifatida kirib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.