Jizzax politexnika institutida Xitoy Xalq Respublikasining robototexnika va sanoatni avtomatlashtirish sohasida faoliyat yurituvchi «Shenyang SIASUN Robot & Automation» kompaniyasi direktori hamda mas’ul rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida mehmonlar institutning Avtomobilsozlik ilg‘or muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy markazi faoliyati, mavjud ilmiy-texnik salohiyat, ta’lim va tadqiqot yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi:
🔹 Sanoat robotlari va mexatronika – zamonaviy robototexnika texnologiyalarini ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga joriy etish;
🔹 Avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalari – sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish, intellektual ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish;
🔹 Sun’iy intellekt va innovatsiyalar – ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda innovatsion yechimlarni ishlab chiqish.
Uchrashuvda mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim va ilmiy faoliyatga tatbiq etish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv Jizzax politexnika institutining xalqaro sanoat hamkorligini kengaytirish, muhandislik ta’limini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish va ilmiy-innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.