...

28 Yan

Oʻzbekiston-Xitoy: Hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda

2024-yil 22-yanvar sanasida Xitoyning Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forum dasturi doirasida Jizzax politexnika instituti Xitoyning Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti hamda Changshu texnologiya universitetlari bilan anglashuv memorandumlarini imzoladi. Shuningdek, forum doirasi boshqa Xitoyning yetakchi OTMlari bilan birlamchi uchrashuvlar o‘tkazilib, kelajakda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi 23-yanvar kuni Tyanszin shahrida davom etdi. Mazkur shaharda boʻlib oʻtgan O‘zbekiston-Xitoy Tyanszin oliy ta’lim sohasida hamkorlik forumida yurtimizning qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda Tyanszin shahrida faoliyat yuritayotgan universitetlar rektorlari, prorektorlari, jumladan, Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov va institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori Jamshid Abdunazarov ishtirok etdi.

Forum davomida rektor A.Usmankulov institutimiz haqida ma’ruza qilib, o‘qitishning samarali texnologiyalari, ishlab chiqarish imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Forum dasturi doirasida Jizzax politexnika instituti hamda Tyanszin xorijiy tillar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Navbatda 24-yanvar kuni Tyanszin politexnika universiteti, Nankin politexnika universiteti, Nankin transport texnologiyalar instituti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlik qilish haqida fikr almashildi.

Tadbirkorlar va investorlar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ham kelajakda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Jizzax politexnika institutiga 25 000 dollarlik homiylik yordami berilishi taʼkidlandi.