...

18 Noy

“Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” mavzusidagi tadbir...

  • “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar aholi, ayniqsa talabalarni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Joriy yilning 18-noyabr kuni Jizzax politexnika institutida Transport, Energetika va radioelektronika hamda Kimyoviy texnologiya fakultetlari tomonidan “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Jizzax viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi M.Gulboyev, Jizzax viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari T. Ismoilov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi B.Tursunova, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovinlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova tadbirni kirish so’zi bilan ochib berdi. M.Xolbekova barcha yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan qizg‘in tabriklab, «Bir necha kundan buyon mamlakatimizda davomli tashkil etilayotgan tadbirlar davlatimiz tomonidan barcha millatlar ravnaqi, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan milliy siyosatning namunasidir», – deb ta’kidlab o‘tdi.

Shu ma’noda bunday madaniy-ma’naviy tadbirlar milliy an’analarni asrab-avaylash va rivojlantirish, adiblar merosini kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jizzax viloyati qirg’iz milliy madaniy markazi raisi o’rinbosari T.Ismoilov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganligini va necha yillardan buyon o‘zbek xalqi bilan hayotining chambarchas bog‘liqlik tomonlarini, o‘zbek xalqining naqadar mehmondo‘st va olijanob xalq ekanliklarini katta hayajon ila gapirdi.

“Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – yurtimizda yashab ijod qilib kelayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash hamda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat ekanligini yana takror ta’kidlab o‘tdi.

Navbatda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi M.Gulboyev ilk marotaba jahon dinlararo bag‘rikenglik haftaligi 2011-yilda o‘tkazilganligini, Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha davlatlarni ushbu hafta davomida ixtiyoriy asosda dinlararo uyg‘unlik va yaxshi niyat g‘oyalarini tarqatilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirishini, O‘zbekistonda ham turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotganligini so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng, zaldagi barcha ishtirokchilar uchun birdek “O‘zbekiston-umumiy uyimiz» deb nomlangan videorolik namoyish etildi. Tadbirning badiiy qismida esa, institutning turli millatga mansub bo‘lgan iqtidorli talabalari o‘z tillarida she’r va qo‘shiqlar ijrosi bilan davom ettirdilar. Do‘stlikni tarannum etuvchi turli tillardagi kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinkilik ulashib, ishtirokchilarni xushnud etdi.

Tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashdan iboratdir.