Bakalavriat – oliy ta’lim yo’nalishlaridan biri bo’yicha puxta bilim beradi, o’qish muddati kamida to’rt yil bo’lib, oliy ma’lumot va tayanch mutaxassislik diplomini olish bilan tugaydi.
Magistratura – aniq mutaxassislik bo’yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’lim bo’lib, undagi tahsil yakuniy kvalifikatsion davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish bilan nihoyasiga yetkaziladi.
Aspirantura – magistrlik negizida 3 yil davom etadi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish hamda tanlangan mutaxassislik bo’yicha «fan nomzodi» ilmiy darajasini olish bilan yakunlanadi.
Doktorantura – fan nomzodi ilmiy darajasi negizida 3 yil davom etadi, «fan doktori» ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish bilan nihoyasiga yetadi.
Oliy ta’lim muassasasiga bevosita rahbarlikni uning rektori amalga oshiradi.
Rektor – lotincha «rektor» so’zidan olingan bo’lib, oliy ta’lim muassasasining rahbari degan ma’noni anglatadi. Rektor O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va u o’zi rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim muassasasida «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» (dastur to’g’risida o’qish davomida to’liq ma’lumotlarga ega bo’lasiz) asosida ta’lim sohasidagi yagona davlat siyosatini ro’yobga chiqarishga mas’ul. Shu bilan birga rektor oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga taalluqli kelajakka mo’ljallangan ishlarni rejalashtiradi va ularni amalga oshirishni ta’minlaydi, oliy ta’lim muassasasi vakolati doirasida xodimlar va talabalar bajarishlari majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi, talabalarning o’qish sharoitlarini yaxshilashga va ularni o’z vaqtida stipendiya bilan ta’minlab turishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Rektor Oliy ta’lim muassasasiga rahbarlik qilishda o’z huzurida tuzilgan ilmiy kengash, o’rinbosarlari-prorektorlar, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari faoliyatlariga tayanadi.
Prorektor – so’zi «pro» – birga va «rector» so’zlaridan tashkil topgan bo’lib, birga boshqarish ma’nosini bildiradi. Oliy ta’lim muassasalarida prorektorlar, asosan, quyidagi masalalar bo’yicha faoliyat ko’rsatadilar: ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo’yicha prorektor; o’quv ishlari bo’yicha prorektor; ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari bo’yicha prorektor; iqtisod va tadbirkorlik ishlari bo’yicha prorektor.
Ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar bo’yicha Oliy ta’lim muassasasi tarkibida fakultetlar tashkil etiladi. Fakultetda, odatda, bakalavriatning bir nechta ta’lim yo’nalishlari bo’yicha o’quv-tarbiya jarayoni tashkil etilishi mumkin.
Fakultet – lotincha «fakultas» so’zidan olingan bo’lib, Oliy ta’lim muassasasining o’quv-ilmiy va ma’muriy bo’linmasi ma’nosini bildiradi. Fakultetni dekan boshqaradi. Fakultetda uning yo’nalishiga qarab bir nechta kafedralar faoliyat ko’rsatishlari mumkin.
Dekan – (lot.decanus – o’nboshi; qadimgi Rim qo’shinida o’nta askarning boshlig’i) Oliy ta’lim muassasasida fakultetning o’quv, ilmiy va tarbiyaviy ishlari rahbari. Fakultet dekanining ma’naviyat va ma’rifat masalalari hamda o’quv ishlari bo’yicha o’rinbosarlari bo’ladi. Dekanning idorasi dekanat deb ataladi. Dekanat oliy ta’lim muassasasining talabalar bilan ishlaydigan asosiy bo’linmasidir.
Kafedra (yunoncha kafedra – stul, o’rindiq) – 1) minbar, unga ko’tarilib oldida chiqish qilinadi; 2) oliy ta’lim dasturidagi o’zaro bog’liq fanlarni o’qitish va shu soha bo’yicha ilmiy va ilmiy-uslubiy tadqiqotlar o’tkazuvchi bo’linma. Kafedralar umumta’lim, umumkasbiy yoki ixtisoslik yo’nalishlari bo’yicha tashkil etiladi.
Kafedra oliy ta’lim muassasasining boshlang’ich va asosiy o’quv-ilmiy markazidir. Kafedrani uning mudiri boshqaradi.
Professor (lot.professor – murabbiy) – tegishli ilmiy unvonli, oliy ta’lim muassasasida asosiy nazariy mashg’ulotlar (leksiyalar)ni olib boruvchi hamda ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qiluvchi yuqori malakali o’qituvchi.
Dotsent (lot. docens – o’qitayotgan) – tegishli ilmiy unvonli, fanlar bo’yicha nazariy va amaliy darslar, ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yetakchi o’qituvchi
Katta o’qituvchi – ko’p yillik ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega bo’lgan, odatda, ilmiy darajasi bo’lmagan o’qituvchi.
Assistent (lot.assistens – qatnashayotgan, yordamlashayotgan) – professor yoki dotsent rahbarigi ostida talabalar bilan laboratoriya va amaliy mashg’ulotlarni o’tkazuvchi o’qituvchi. U kafedraning ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy ishlarida ishtirok etadi.
Kurator – lot. «curator» so’zidan olingan bo’lib, biror ish, biror shaxs, biror narsa ustidan nazorat olib borish, topshirilgan homiy oliy ta’lim muassasasida guruh murabbiysi talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni olib boradi, yakkama-yakka suhbatlar o’tkazadi, hayotiy maslahatlar beradi, zarur bo’lgan hollarda talabalar ota-onalari bilan bog’lanadi, o’z faoliyati to’g’risida dekanatga muntazam ravishda hisobot beradi.
O’qitish muddati – talabalar tomonidan o’quv reja va dastur o’zlashtirilishi uchun belgilangan me’yoriy muddatdir. Bakalavriat uchun bu kamida 4 yil, magistratura uchun kamida 2 yil. O’quv jarayoni o’quv yillari bo’yicha amalga oshiriladi.
O’quv semestri – oliy o’quv muassasasida o’quv yilining yarmini tashkil etuvchi, o’zaro bog’liq fanlarning ma’lum majmuini o’zlashtirishga mo’ljallangan va ular bo’yicha yakuniy nazorat bilan tugallanadigan qismi.
Dars jadvali – oliy ta’lim muassasasida har o’quv semestri bo’yicha o’quv haftasida (olti kunlik) muayyan fandan o’quv mashg’ulotlarini o’tkazish ketma-ketligini belgilaydigan me’yoriy hujjat. Dars jadvali, odatda, fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi.
Leksiya(ma’ruza) – o’qish, o’qituvchining ijodiy tavsifidagi auditoriyada o’quv rejasi bo’yicha o’tkaziladigan nazariy dars mashg’ulotidir. Zarur hollarda o’qituvchi tegishli mavzu bo’yicha darsdan oldin qo’shimcha materiallar tarqatishi mumkin.
Laboratoriya ishlari yoki Amaliy mashg’ulot- nazariy bilimlarni chuqur o’zlashtirish va mustahkamlashga qaratilgan auditoriyadagi o’quv mashg’ulotlaridir.
Seminar (lot. Seminarium – ko’chirib o’tkazish)- talabalarni mustaqil fikrlash va ijodiy mehnatga tayyorlash uchun mo’ljallangan, ularning fan bo’yicha bilimlarini chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan auditoriya o’quv mashg’ulotlarining turi.
Oliy ta’lim muassasalarida talabalarning haftalik o’quv yuklamasi 54 soatni tashkil qiladi. Bulardan 32 soati-auditoriya mashg’ulotlari, 22 soati auditoriyadan tashqari mustaqil ish. Mustaqil ish-nazariy o’qitishni mustaqil tarzda tashkil qilish shakli. Bunda talabalar o’quv va ilmiy adabiyotlar bilan ishlaydi,shu jumladan, internet vositasida o’z sohasi bo’yicha korxonalarda, ilmiy muassasalarda, laboratoriyalarda bilim va ko’nikmalarni mustaqil ravishda oshiradi. Ta’lim dasturining ma’lum bir qismi tugallangach,odatda, bahorgi semestr yakunida malakaviy amaliyot o’tkaziladi.
Malakaviy amaliyot – o’quv jarayonining nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko’nikmalar hosil qilish uchun o’tkaziladi. Malakaviy amaliyot natijalari bo’yicha talaba hisobot yozadi va uni maxsus komissiyada himoya qiladi. Har bir oliy ta’lim muassasasi o’zining kutubxonasiga ega.
ARM –darslik va boshqa o’quv adabiyotlaridan jamoatchilik foydalanishini tashkil etuvchi madaniy–ma’rifiy va axborot markazi. Kutubxona xizmatlaridan oliy ta’lim muassasasida o’qiyotgan barcha talabalar foydalanish huquqiga ega.O’qish jarayonida har bir talaba o’ziga zarur bo’lgan o’quv adabiyotlarni belgilangan ma’lum muddatga olishi mumkin.
Talabalar turar joyi –ta’lim olish davrida boshqa viloyatlardan kelgan talabalarni vaqtinchalik yashash joyi bilan ta’minlaydi. Talabalar turar joyidan joy olish uchun fakultet dekani nomiga ariza yoziladi. Mazkur ariza o’rnatilgan tartibda ko’rib chiqilgach, talabaga yashash joyi beriladi.Talabalar turar joyida yashovchilar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratiladi.
Talabalar turar joyida ichki tartib-qoida mavjud bo’lib, unga barcha talabalar rioya qilishi lozim. Ichki tartib – qoidaga zid faoliyat olib borgan talaba tegishli tartibda talabalar turar joyi ma’muriyati tomonidan ogoxlantiriladi. Agarda bu natija bermasa, yashash joyidan mahrum qilinadi.
Stipendiya (lot. Stihendium – to’lov, maosh) –davlat oliy ta’lim muassasasining kunduzgi bo’limida yaxshi baholar bilan o’qiyotgan talabalarga muntazam (har oyda ) to’lab boriladigan pul. Stipendiyalar miqdori va to’lash tartibi tegishli nizom orqali belgilanadi.