Ma’lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Bu boradagi ishlar nafaqat institutda, balki fakultetga biriktirilgan umumta’lim maktablarida ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, 2021-yil 2-aprel sanasida institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori S. Eshbekova, "Qurilish materiallari muhandisligi" fakulteti dekani Sh. Erboyev, dekan oʼrinbosari R. Bobojonov, institut xotin qizlar kengashi raisi B. Tursunova, institut murabbiylar kengashi raisi M. Xolbekova, o‘qituvchilar A. Isanov, B. Qobilov, "Xorijiy tillar" kafedrasi o‘qituvchilaridan G. Sanayeva va M. Soliyevalar Sharof Rashidov tumanidagi 43-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, maktab o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘lib, o‘quvchilar orasida 5 tashabbus bo‘yicha musoboqalar tashkil etildi. Musobaqalar natijalari bo‘yicha barcha g‘oliblarga fakultet tomonidan tashkil etilgan moddiy va badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi. O‘qituvchilar tomonidan "Mahorat darslari" ham tashkil etildi.