Jizzax politexnika institutida joriy yilning 6-aprel kuni “Kitobxonlik haftaligi” munosabati bilan “Kitob - ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida shoir va yozuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi raisi Mehribon Abduraxmonova olib bordi. O‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari Abduqayum Yo‘ldoshev, Zulfiya Qurolboy qizi, Abdulqosim Mamarasulov, shoir Hayot Shodmonlar ishtirok etdilar. Davra suhbati jarayonida ushbu adib va shoirlar o‘zlarining hayot va ijod yo‘llari, yaratgan asarlari haqida talabalarga  gapirib berdilar. Shu bilan birga, talaba-yoshlarga kitobning inson ma’naviyatini yuksaltirishda, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida, dunyoqarashlarini shakllantirishlarida naqadar muhim ekanligi haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirda so‘z olganlar yozuvchilarning asarlari yaratilishi tarixi, ularning bosib o‘tgan yo‘llari, asardagi qahramonlar, ularning o‘quvchi uchun tarbiyaviy tomonlari haqida ham to‘xtaldilar. Davra suhbati davomida Hayot Shodmonning o‘z ijod namunalaridan o‘qib bergan she’rlari barchaga xush kayfiyat ulashdi. Tadbirda so‘zga chiqqan “Qurilish materiallari muhandisligi” fakulteti 822-19 guruhi talabasi Istamov Yusuf kitobning ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va she’rlar o‘qib berdi. Tadbir juda ko‘tarinki ruhda, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Talaba- yoshlar bunday tadbirlarni yanada ko‘proq tashkil etish kerakligi haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B. Rashidova