Joriy yil 17-18 iyun kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida “Markaziy Osiyo oliy ta’lim makoni: mintaqaviy hamkorlik, milliy islohotlar” mavzusida Markaziy Osiyo davlatlarining oliy ta’lim vazirlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ishtirokchilari orasida Jizzax politexnika institutining Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Mirzayev Uchqun Nazarqosimovich hamda Ilmiy tadqiqot va ilmiy pedagogik  kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Abdunazarov Jamshid Nurmuhammetovichlar ham bor.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov onlayn tarzda qatnashib, hozirgi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan chuqur islohotlar, xalqaro ta’lim makonidagi integratsiya va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, uni Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan kengaytirish hamda istiqboldagi rejalar bo‘yicha nutq so‘zlagan.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundan iboratki, unda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, mintaqada ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda attestatsiyadan o‘tkazish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, mintaqa davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yanada jadallashtirish g‘oyalari ilgari surilgan.