Jizzax politexnika instituti "Servis" fakulteti talabalari bilan Jizzax viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi Sirojiddin Quvvatov, Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Ulug‘bek Bazarov hamda institutning Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Sanobar Eshbekovalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tashkillashtirilgan uchrashuvdan maqsad o‘sib kelayotgan yoshlarga “Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish” va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi O‘RQ-679-sonli Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirishdir.
Taklif etilganlar dastlab tinglovchilarga jinoyatchilik ijtimoiy hodisa sifatida insoniyatning eng ilg‘or qismini har doim qiziqtirib, tashvishga solib kelgan. Insoniyat qancha vaqtdan beri mavjud ekan, har doim har qanday ijtimoiy xavfli qilmishlarga qarshi kurashib kelganligi haqida suhbatni boshlab berishdi. Jumladan, Jinoyatchilik tarixda doimo qoralanib kelgan, turli ijtimoiy kuchlar unga qarshi qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan ba’zi shaxslar tomonidan jinoyatchilik hamon sodir etib kelinmoqda. Odamlar o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarmaydilar, mansabini suiiste’mol qilib, egallab turgan vazifasidan shaxsiy manfaatlari uchun foydalanishga harakat qilaveradilar. Jamiyatimizning rivojlanishida boshqaruv organlarining mas’ul xodimlari - davlat va jamoat muassasalari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar hamda turli idoralarning mansabdor shaxslari muhim rol o‘ynaydilar. Mansabdor shaxslarning aksariyat ko‘pchiligi jamiyat va davlat oldidagi o‘zining vazifa va majburiyatlarini halol hamda vijdonan bajarib kelmoqdalar. Ammo o‘zining mansab vakolatlaridan turli usullarda jumladan korrupsiya yo‘li bilan g‘ayriqonuniy  ravishda shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchilar ham afsuski oramizda uchrab turibdi. Huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan, huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish jinoyatga yo‘l qo‘ymaydilar. Muxtasar aytganda, korrupsiya - taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz-dedi ma’ruzachi Sirojiddin Quvvatov va so‘z navbatini Ulug‘bek Bazarovga berdi. Tadbirda shunindek, O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 30-mart kuni O‘RQ-679-sonli O‘zbekiston Respublikasining Qonunini bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi quyidagi mazmundagi 2011-modda bilan to‘ldirilganligi haqida to‘xtalib o‘tishdi. O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikasiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da’vat qilishga tayinlanadigan jazo turlari so‘zlab berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 158-moddasi uchinchi qismi “vositalaridan” degan so‘zdan keyin “telekommunikasiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan” degan so‘zlar bilan to‘ldirilganligini va mazkur Kodeksning 244-moddasiga qo‘shimcha ravishda birinchi va ikkinchi qismlar bilan to‘ldirilgan ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilishga oid jinoyatga qanday jazolar tayinlanishi aytib o‘tildi. Davra suhbati davomida berilgan savollarga tegishlicha javob berildi.   Jizzax viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi, Jizzax politexnika instituti matbuot xizmati