2021-yil 19-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Jizzax viloyati hududiy vakilligi va Jizzax politexnika instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Jizzax viloyati hududiy vakilligi boshlig‘i О.Jumanov va Jizzax politexnika instituti rektori A.Usmankulov soʻzga chiqib, oʻzaro manfaatli kelishuv katta ahamiyatga ega ekanligi, ikki muassasa oʻrtasida yangi ilmiy natijalar olib kelishi haqida fikr yuritdilar. Mazkur memorandumda xorijiy tillarni o‘rganish sohasini yanada rivojlantirish maqsadida zamon talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tillarni ommalashtirish va ilmiy tadqiqotlar sohasiga qaratilgan qator kelishuvlar oʻz aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi Jizzax viloyati hududiy vakilligi hamda Jizzax politexnika instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5117-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-sonli qaroriga muvofiq Jizzax viloyatida xorijiy tillar bo‘yicha tayanch muassasalar sifatida faoliyatini olib borish, xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va bu borada amalga oshiriladigan ishlarni targ‘ibot va tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish borasida yaqin hamkorlik olib boradi.