Bugun Jizzax politexnika instituti jamoasi hamda Jizzax shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida “Talabalar orasida jinoyatchilikni oldini olish, pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik, darsda talabalar davomati va is gazidan saqlanish” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Dastlab institutda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, ular o'rtasida turli nizoli kelishmovchiliklar zamiridagi janjallar natijasida yuzaga keladigan o'tkir tig'li jismlar yordamida tan jarohati yetkazish jinoyatlarining oldini olish maqsadida “Tig'” maxsus profilaktik tadbiri o'tkazildi. Tadbir davomida asosiy e'tibor talabalar tomonidan bemaqsad o'tkir tig'li jismlar, xususan, oshxona va qo'lbola usulda yasalgan turli ko'rinishdagi pichoqlar, bigiz, sanchqi va shaxsga shikast yetkazishi mumkin bo'lgan boshqa har qanday buyumlarni olib yurish holatlarini aniqlash, ushbu yoshlar bilan tushuntirish ogohlantirish ishlari olib borishga qaratildi. Tadbir davomida “Talabalar orasida jinoyatchilikni oldini olish, pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik, darsda talabalar davomati va is gazidan saqlanish” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda institutning oʼquv ishlari bo‘yicha prorektori G'.Egamnazarov, institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori S.Eshbekova, Jizzax shahar Ichki ishlar boʻlimi voyaga yetmaganlar bo'yicha katta inspektori katta leytenant J.Ismoilov, Jizzax shahar Ichki ishlar boʻlimi voyaga yetmaganlar bo'yicha inspektor psixologi U.Erjigitov, Jizzax shahar Ichki ishlar boʻlimi voyaga yetmaganlar bo'yicha inspektor psixologi M.G'oziyeva va boshqa xodimlar, dekan oʼrinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda talabalarga hozirda yoshlar orasida sodir boʻlayotgan turli xil jinoyatlar, ularning oldini olish hamda bartaraf etish, ayni qish mavsumida ijara xonadonlarida va talabalar turar joyida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan is gazidan zaharlanish kabi koʼngilsiz holatlar toʼgʼrisida ham atroflicha ogohlantirishlar hamda bunday holatlar yuz bermasligi uchun ehtiyot choralarini koʻrish maqsadida tushuntirishlar olib borildi. Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramini betalofat oʼtkazish maqsadida turli xil pirotexnika vositalarini sotib olmaslik va foydalanmaslik haqida ham tushuntirishlar berib oʻtildi.