Hozirda insoniyat boshiga turli balolarni solib, oilalarni va jamiyatni tanazzulga olib boradigan illatlardan biri giyohvandlikdir. Giyohvandlik – XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Giyohvandlik muammosi jamiyat, millat ravnaqiga jiddiy putur yetkazuvchi bo‘lib, hozirda dunyo davlatlarini tashvishga solib kelmoqda. Giyohvandlik – hudud, chegara, millat tanlamaydigan mudhish illat. "O'quvchi-talabalar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish" oyligi doirasida Jizzax politexnika institutida ham profilaktik tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Bugun, 28-oktabr kuni institutda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy markazining viloyat mintaqaviy filiali vrach-narkologi J.Kenjayev, Jizzax viloyati OITS markazi vrachi M.Sodiqov, Din ishlari boʻyicha Jizzax shahar imom xatibi F.Shoyzoqov, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimi, podpolkovnik Gʼ.Boʻronboyev, mayor A.Qudratov, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Jizzax boʼlimi mutaxassisi Sh.Kenjaboyev, institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori S.Eshbekova, professor-o’qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirokida tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirni institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Sanobar Eshbekova kirish so’zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilarini talaba-yoshlarga tanishtirib o’tdi. Tadbir avvalida yigʻilganlarga mavzu yuzasidan tayyorlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va uni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib, salbiy illatlarning oldini olishda yoshlar bilan individual ishlashning dolzarb vazifalari borasida fikr-mulohazalar bildirdilar. Shuningdek, narkologik moddalarni isteʼmol qilgan shaxslarning shaxslar psixologik va tibbiy holati, organizmidagi oʻzgarishlari toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi hamda giyohvand, tamaki va alkogol moddalarni isteʼmol qilishning zararli oqibatlari haqida talaba-yoshlarga batafsil ma'lumotlar berildi. Tadbir davomida so'zga chiqqanlar tomonidan OITS kasalligining kelib chiqishi tarixi, virusning tuzilishi, OIV yuqish ehtimoli va uning yuqish yo’llari, OIV infeksiyasining klinik belgilari va kechishi, kasallikdan qanday saqlanish mumkinligi haqida talaba-yoshlarga batafsil ma’lumot berildi. Tadbir yakunida tadbir ishtirokchilari bilan savol-javob o'tkazildi va fikr-mulohazalar muhokama qilindi. Talaba-yoshlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olishdi.