Ayni kunlarda yurtimiz bo'ylab barcha ta’lim muassasalarida, davlat va jamoat tashkilotlarida Sharof Rashidov tavalludining 104 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri bugun, 5-noyabr kuni Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori S.Eshbekova, “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sh.Almamatova, Sharof Rashidovning tog’alarining o’g’li, hozirgi kunda Sharof Rashidov ilmiy-ma’rifiy uy-muzeyi direktori O.Hamraqulov, O’zbekiston va Ozarbayjon xalqlar do’stligi kuychisi, Buyuk ipak yo’lini bosib o’tgan xofiz va velosayyoh H.Sherov, mehmonlar, P.Nosirov, G’.Nosirov, I.Toshpo’latov, F.Soatov va professor-o’qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirni institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori S.Eshbekova kirish so'zi bilan ochib, institut rektorining atoqli davlat arbobi, ulkan so‘z san’atkori, mohir tarjimon Sharof Rashidov tavalludining 104 yilligi munosabati bilan tabrigini yetkazdi. Zalda o’rnatilgan monitorda Sharof Rashidovning hayoti va ijodi, uzoq yillik halol mehnati aks ettirilgan videolavha namoyish etildi. So‘ngra so'z navbati tadbir mehmonlariga berildi. So’zga chiqqanlar, xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov hayoti, ijod namunalari, u haqida yozilgan turli kitoblar, ko‘plab maqolalar, ijodiy faoliyati xususida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, yaratilgan hujjatli filmlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, Davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning hayot yo‘li, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, xususan, respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarishdagi beqiyos salohiyati, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnati, milliy adabiyotimiz rivojidagi yorqin ijodiy faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, institutda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga navbat berildi. Arxitektura va qurilish fakulteti talabalari Toliboyev Ilyos, Pirimqulova Shahnoza, Sunnatillayeva Mahliyo, Kimyoviy texnologiya fakulteti talabalari Rashidova Rayxon, Azizova Safina, Elektromexanika va radioelektronika fakulteti talabasi Akramova Madinabonular ijrosida Sharof Rashidov she’rlaridan namunalar o'qib eshittirildi. Sharof Rashidovning “Dugonalar bormisiz, omonmisiz?” deb nomlangan she’ri institutning “Joziba” raqs to‘garagi qizlari tomonidan ijrosi etildi. Sharof Rashidov she’rlari qurilish materiallari muhandisligi fakulteti talabasi Kubekboyev Quvonchbek, Servis fakulteti talabalari Uzoqova Xonzoda, Arslonboyeva Dilnovoz, Transport fakulteti talabasi Xurramov Xumoyunlar ijrosida o'qib eshittirildi. Qurilish muhandisligi fakulteti talabasi Narzullayeva Komila tomonidan Sharof Rashidovning “Yor kelur” she’ri qo‘shiq tarzida, “Ona haqida qo‘shiq” esa Servis fakulteti talabasi Murodov Karim tomonidan jonli ijro etildi. O’zbekiston va Ozarbayjon xalqlar do’stligi kuychisi, Buyuk ipak yo’lini bosib o’tgan xofiz va velosayyoh H.Sherov hamda iqtidorli talablar tomonidan kuylangan qo’shiqlar, ijro etilgan raqslar barchaga ko'tarinki kayfiyat ulashdi. Tadbir yuqori kayfiyatda davom etdi va barchada katta taassurot qoldirdi.