Mana, ikki yildirki, Jizzax viloyatida regbi federatsiyasi qaytadan tashkil qilinib, ushbu sport turining oldingi mavqeini tiklashga kirishildi. Jizzaxdagi oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi "Talabalar ligasi" bellashuvlari ham aynan shu maqsadga xizmat qildi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Musobaqa avvalida tajribali mutaxassislar tomonidan o‘ziga xos "master-klass" tashkil etilganligi yosh sportchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ularga regbining boshqa sport turlaridan farqli jihatlari, jozibador tomonlari, o‘yin qoidalari haqida atroflicha tushunchalar berildi. Keskin va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra bosh sovrin Jizzax politexnika instituti jamoasiga nasib qildi. Qolgan sovrinli o‘rinlarga esa Jizzax pedagogika instituti hamda viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi vakillari loyiq topildilar. Odatga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar viloyat regbi federatsiyasi tomonidan munosib taqdirlanishdi.