Oliy ta'limning salohiyatini rivojlantirish va xalqarolashtirishda hamkorlik aloqalarining o'rni katta ahamiyatga ega. Yurtimizdagi ko'plab oliygohlar hamda xorijiy nufuzli oliygohlar o'rtasida juda ko'plab xalqaro hamkorlik aloqalari o'rnatilmoqda. Jizzax politexnika instituti ham xalqaro hamkorlik sohasida ko'plab muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Joriy yilning 10-dekabr kuni institutga Germaniya Federativ Respublikasidan xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi. Germaniyaning "Loopsolar" hammuassisi, "Greencells Group" kompaniyasining direktorlar kengashi raisi (bosh direktor) va hammuallifi Andreas Hoffmann, Germaniyaning "Loopsolar" kompaniyasi hammuassisi, Germaniyadagi ko'chmas mulk amaliyoti rahbari, "Herbet Smith Freehills" xalqaro yuridik firmasi hamkori Hans Thomas Kessler, Germaniyaning "Loopsolar" kompaniyasi rahbari va hammuassisi, "Greensells Group" kompaniyasining strategiya bo'yicha direktori, "Savemission" kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Dr. Peter Vestlar Jizzax politexnika instituti bilan hamkorlik aloqalari o'rnatish masalasi bo'yicha hamda oliygoh bilan tanishish uchun tashrif buyurishdi. "Loopsolar" kompaniyasi qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish zavodlariga sarmoya kiritish, tegishli xoldinglar va vositachilikka egalik qilish va har bir holatda energetika sohasida monitoring operatsiyalari bilan shug'ullanadi. Tashrif avvalida xorijiy mehmonlarning institut rahbariyati bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Kompaniya rahbariyati Jizzax viloyatida ham qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish zavodlarini qurish uchun sarmoya kiritmoqchi ekanligini ma'lum qildi. Ushbu korxonalarda ishlaydigan kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish masalasi va qo'shma ta'lim dasturlari asosida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tashrif davomida, mehmonlarni institut miqyosida olib borilayotgan ishlar, institutning moddiy-texnik bazasi, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Usmankulov Alisher Kadirkulovich masʼullar hamrohligida batafsil tanishtirdi.