...

08 Okt

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning 33 yilligi munosabati bilan davra suhbati tashkil etdi.

Fakultetlar hamkorligida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning 33 yilligi munosabati bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan ona tilim” mavzusida davra suhbati tashkil etdi.

2022-yil 7-oktabr kuni Jizzax politexnika institutida “Kimyoviy texnologiya” hamda “Energetika va radioelektronika” fakultetlari hamkorligida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning 33 yilligi munosabati bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan ona tilim” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘I M. Xolbekova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

– Jonajon tilimizga davlat maqomi berilganligiga o‘ttiz uch yil bo‘lmoqda. Bu bir inson tug‘ilib, kamolga yetishi, hayoti qarashlari shakllanib, oq-qorani tanib olishiga yetadigan uzun, ammo tarix uchun bir kiprik qoqqandayin qisqa muddatdir. Sobiq mustabid tuzum davrida, ona tilimiz qariyib yo‘qolib ketish xavfida turgan 1989-yilda, bu qarorni qabul qilishning o‘zi buyuk tarixiy hodisa, qolaversa jasorat edi. O‘rxun-Enasoy bitiklari bitilgan, Alp-Er to‘ngadan boshlab Mahmud Qoshg‘ariyni o‘ylantirib, “Devoni lug‘ati turkni” bitishga undagan, Xorazmiyning go‘zal “Muhabbatnoma”sida yanada sayqal topgan, Atoiyning baytlarida, men sevgan mavlono Lutfiyning g‘azallarida bundan-da dilbarlashgan, Hazrat Navoiyning muhtasham asarlarida o‘zining mukammal cho‘qqisiga yetgan aziz tilimizni hurmat qilishga, Til bayramini, o‘zligimizning, Milliy g‘ururimizning, ma’naviyatimizning bayrami sifatida nishonlasak o‘rinli bo‘ladi.

Keyingi so‘z navbati Jizzax viloyati pedagog hodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi katta o‘qituvchisi A. Tolipovga berildi. U o‘z so‘zida o‘zbek tilining dunyo miqyosida ommalashib borayotganligi haqida ma‘lumot berdi. Talabalarga davlat tilida mukammal gapirish va yoza olish ahamiyati borasida hayotiy jarayonlarni so‘zlab berdi.

Shuningdek, “Energetika va radioelektronika” fakulteti tyutori T. Hoshimov so‘zga chiqib, muloqot madaniyati, tildan samarali foydalanish borasida psixologik tadqiqot natijalari haqida qisqacha malumotlar berib o‘tdi.

Ushbu fakultetning yana bir tyutori O‘. Muhammatov Abdulla Oripovning “Ona tilim” she’rini ifodali o‘qib berdi.

Shundan so‘ng, “Kimyoviy texnologiya” va “Energetika va radioelektronika” fakultetlari iqtidorli va faol talabalari ijrosida tayyorlangan badiiy qismga o‘tildi. She’rlar, kuy va qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida ijobiy taassurotlar qoldirdi.