...

19 Okt

Institutimizda "Ona tilim-e’zozli tilim" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

2022-yil 19-oktabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan Jizzax politexnika institutida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Ona tilim – e’zozli tilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni institut birinchi prorektori S.Eshbekova kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha tadbir qatnashchilarini o‘zbek tili bayrami bilan muborakbod etdi.
So‘ngra institut Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Mavluda Xolbekova «Yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar Dasturi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan ishlar haqida soʻzladi .
Tadbir mavzusi doirasida o‘zbek tilining nufuzi baland ekanligi hamda uni yanada rivojlantirish muhim vazifamiz bo‘lishi kerakligi haqida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchilari Dilbar Soatova va O‘razali Norboyevlar “Ona tilim – e’zozli tilim” mavzusida ma’ruza qildilar.
“O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar tomonidan 21–oktabr O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘zbek tilining buyukligi, boyligi, betakrorligini tarannum etuvchi “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida tayyorlangan va Respublika tanloviga taqdim etilgan videochellenj tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Tadbirning badiiy qismida institutning iqtidorli talabalari ishtirokida qo‘shiq va raqslar ijro etildi, talabalarning she’rlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
O‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy kecha tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi va shu bilan birga, davlat tiliga oid ilmiy bilimlarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Tadbir mavzusiga oid qiziqarli savollardan iborat bo‘lgan viktorina o‘yini esa talabalarni yanada faollikka chorladi hamda ushbu viktorinada faol qatnashgan talabalar badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.