...

26 Okt

“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Jizzax politexnika institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor doimo eng muhim masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yoshlar siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Yoshlar muammolarini o‘rganish va ularni tizimli hal qilish borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Albatta bunday imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanishimiz zarur. Shunday ekan mamlakatimiz rivoji uchun munosib hissa qo‘shishimiz va Vatan ravnaqi uchun har birimiz dahldorlik hissini chuqur anglashimiz lozim. Bugungi axborot almashinuvi davrida har birimiz turli yod g‘oyalar ta’siridan saqlangan holda axborot xavfsizligiga nihoyatda e’tiborli bo‘lishimiz lozim. Biz yoshlar albatta, Jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berishimiz bugungi kunning muhim talablaridan biridir.  

Mazkur tadbirda Jizzax shahar Usmon Hoji jome masjidi imomi A.Gaibov, Jizzax viloyat hokimligi Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’limi mutaxassisi B.O’razaliyev, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi D.Hamraqulov, Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri P.Qulmatov, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi X.Xidirov, Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi, f.f.b.f.d. (PhD), dots. v.b. Sh.Turatov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovinlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova kirish so’zi bilan ochib berdi.

S.Eshbekova o‘z so‘zida “Jaholatga qarshi-ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlardagi ma’naviy bo‘shliqni ilmu-ma’rifat bilan to‘ldirish, ularni turli yot g‘oyalar tajovuzidan himoyalashda o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbat va daxldorlik hissini yanada rivojlantirish, buyuk tariximizni, milliy urf-odatlarimizni yoshlar qalbiga doimiy singdirib borish zarurligini ta’kidladi.

Jizzax shahar Usmon Hoji jome masjidi imomi Gaibov Anvar qori o’z chiqishida bugungi axborot asrida, globallashuv jarayonida turli yot oqimlar, xususan diniy aqidaparastlarning zararlaridan saqlanish, yoshlarda turli oqimlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda vatanparvarlik, millatparvarlikka qaratilgan ezgu yo’nalishlar, islom dinining insonparvarlik, tinchlik va do’stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o’tdi.

Shundan so‘ng so‘zga Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi X.Xidirov chiqdi. Notiq o‘z so‘zida quyidagilarga e’tibor qaratdi.

– Ma’lumki, yigirma birinchi asr axborot asri bo‘lib, hozirgi davr avlodi globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashamoqda. Aynan yosh avlod turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylangani ham hech kimga sir emas. Bir tomondan ekstremistik ruhdagi oqimlar faoliyati, boshqa tomondan missionerlar harakati, uchinchi tomondan esa “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yosh avlod ongiga sof Islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish, muqaddas e’tiqodimizdan ayirish va o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga targ‘ib etish bilan o‘z faoliyatlarini muttasil olib bormoqdalar. Natijada, sof Islom ta’limotidan yetarli darajada ilmga ega bo‘lmagan ba’zi yoshlar ekstremistik g‘oyalarga chalg‘ib turli xil jinoyalarga qo‘l urmoqdalar, ba’zilari ana shunday jinoyatlarning qurboniga aylanmoqdalar.

Ma’naviyati yuksak, har qanday yot g‘oyalarga chap bera oladigan, o‘zining mustahkam e’tiqodi va milliy qadriyatlarini mahkam tutib, undan og‘ishmay yashaydigan xalqni hech qanday kuch yenga olmaydi. Balki, uning metin irodasi oldida g‘animlar bosh egib ta’zim qiladi. Ta’rixdan bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

Bugungi kunda ham turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar davom etayotgan bir davrda, ayniqsa internet ushbu xurujlarning vositasiga aylanib ulgurgan bir sharoitda yoshlarimizni internetdan foydalanish madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratish bilan, internet orqali tarqatilayotgan yot g‘oyalarni farqlay oladigan, unga qarshi tura oladigan ma’naviy saviyani ham tarbiyalashni izchil amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Shundan so‘ng so‘zga Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi, f.f.b.f.d. (PhD), dots. v.b. Sh.Turatov chiqdi. Notiq o‘z so‘zida quyidagilar haqida o‘zining fikrini bildirib o‘tdi.

Insoniyat qadim-qadimdan buyon jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga intilib kelgan. Chunki, unga qarshi kuch ishlatilsa, zo‘ravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan yanada kuchayib ketishi mumkin. Jaholatga qarshi ma’rifat usuli hozirgi davrda, bashariyat taraqqiyot borasida juda ilgarilab ketgan XXI asr ibtidosida g‘oyat muhim kasb etmoqda.

Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi D.Hamraqulov so‘zga chiqib, jaholatga qarshi kurashda jamiyatda ta’limning o‘rni haqida fikr bildirdi.

Ma’lumotlar almashishda uning ishonchli ekanligiga amin bo‘lishga hamda taqiqlangan manbalardan foydalanmaslikka chaqirdi.

Tadbir davomida talaba-yoshlarning ham fikr-mulohazalari tinglandi.

Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg’a qilindi.

Yig‘ilish barcha talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.